Madaminov, Salay
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
O'zbekiston «ERK» Partiyasi lideri Muhammad Solihning Buyuk Britaniya Qiroliyat Instituti Chatham House’da 2006 yilning 20 yanvar kuni o'qigan nutqi
Andijon voqealariga turtki bo'lgan sabablar
Muhtaram xonimlar va janoblar. Bu nufuzli minbardan so'zlash sharafini berganingiz uchun tashakkurlarimni qabul eting. Izningiz ila, O'zbekistondagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat haqida Andijon voqealari fonida qisqa bilgi berishni istayman.
Shu kungacha Andijon voqealari bo'yicha 151 kishi ustidan mahkama jarayoni o'tkazilib, ularga 12 yildan 20 yilgacha qamoq jazolari berildi.
2005 yil 13 may kuni Andijondagi Bobur maydoniga minglab odamlarni ko'chaga chiqishga majbur qilgan narsa – hokimiyat yurgizayotgan aksilinsoniy siyosatdir. Mitingga chiqqan qurolsiz odamlarni otishga buyruq bergan shaxs - O'zbekiston Prezidentining shaxsan o'zidir. MDH davlatlaridan birining maxsus xizmat organlaridan yaqinda olganim bir ma'lumot ham Andijon fojiasi Karimov tarafidan o'ta sovuqqonlik bilan, oldindan tayyornlagan qatliom bo'lganini tasdiqlamoqda. Xalqqa qarshi bu qatliom shaxsan Prezident tarafidan hozirlangan.
Mana, MDH davlatlaridan birining maxsus xizmat organlari tarafidan tayyorlangan hisobotidan parcha: «Andijonda tinch namoyishga chiqqan olomonni o'qqa tutganlar ichida Karimovga yollangan polkovnik Mahmud Xudoyberdiev jangarilari ham bo'lgan. 2005 yilning 12 may kuni O'zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati tomonidan aholi orasida mitingga chiqqan odamlar arzini tinglash uchun «Andijonga Prezident Karimov keladi» degan mish-mish tarqatilgan. Andijonliklar o'z prezidentini ko'rish uchun ommaviy ravishda ko'chaga chiqishgan. Bundan to'rt kun oldin, ya'ni, 8 may kuni Rusiyaning Tyumen viloyatidan harbiy-transport uchog'i vositasida M. Xudoyberdievning 50 nafar jangarisi Farg'onaning So'x anklaviga olib kelingan. Bu guruh Shohimardondagi 250 kishilik tish-tirnog'igacha qurollangan boshqa bir guruhga borib qo'shilgan.
Ma'lumki, Xudoyberdiev jangarilari 1999 yildan beri O'zbekiston prezidenti buyrug'i bilan chegaralarga ”qo'riqchilik” qilmoqda.
2005 yil 10 may kuni Xudoyberdiev boshchiligidagi 300 nafar jangari Milliy Xavfsizlik Xizmati (MXX) rahnamoligi ostida Andijon viloyatiga kirib keldi. Ertasi kuni, ya'ni, 12 may kuni MXX ular uchun Andijon bo'ylab ”ekskursiya” uyushtirdi: ularga hujum qilinishi lozim bo'lgan ob'ektlar – Andijon qamoqxonasi, harbiy qism va militsiya postlari ko'rsatildi. Xudoyberdiev jangarilarining asosiy qismi 10-12 may kunlari Andijon viloyati MXX binosida istiqomat qilgan. Soat tungi 01.00 dan 02.00 gacha Xudoyberdievning bu qurolli to'dasi militsiya postiga, harbiy qismga va Andijon qamoqxonasiga hujum qilgan. Prezident Karimov talabi bilan Ichki Ishlar vaziri Almatov Ichki ishlar vazirligiga oid harbiy qismlardagi xodim va ofitserlarga 12 may kuni soat 24.00 dan to 13 may soat 06.00 gacha qurol olib yurishni ta'qiqlagan.
Andijon qamoqxonasi yaxshi qo'riqlanadigan, signalizatsiya tarmoqlari yaxshi yo'lga qo'yilgan qamoqxonalardan hisoblanadi. «Akromiylar» deb atalgan guruh hujumi paytda na bu signalizatsiya va na telefon aloqasi ishlagan va na qamoqxona qo'riqchilari bu hujumga qarshilik ko'rsatgan.
Xudoyberdiev jangarilari Andijon ko'chalarida yotgan yarador namoyishchilarni birma-bir o'ldirib chiqqan, shuningdek, ular Bobur maydonida yaralanib, kasalxonaga yotqizilgan odamlarni ham kasalxonalarga kirib, o'ldirib chiqishgan».
Namoyishchilarni jazolash uchun professional qotillarni yollab, Karimov o'zining o'zbek armiyasiga ishonmasligini namoyish etdi. Ha, Andijon qatliomi rejissyori Karimovdir va bu shaxs, mana, 17 yildan beri mamlakatni boshqarmoqda.
U qanday qilib buncha uzoq muddat hokimiyatda qola oldi?
Karimov muxolif liderlarning deyarli hammasini o'lkadan haydab chiqardi. Mamlakat ichida qolgan muxolifat vakillariga tazyiq o'tkazish, qamashlarni davom ettirdi. U prezidentlik muddatini noqonuniy ravishda cho'zish orqali ham hokimiyatda qolmoqda. Karimov prezidentlik muddatini ikki marta noqonuniy referendum bilan va ikki marta antidemokratik saylovlar bilan cho'zdi. Uning prezidentlik vakolati 2007 yilda tugaydi va navbatdagi saylovlar oldidan Karimovning Konstitutsiyani o'zgartirib, o'zini bir umrlik hukmdor deb e'lon qilmasligiga kafolat yo'q.
G'arb uzoq vaqt mobaynida O'zbekiston rejimini mamlakatda iqtisodiy va demokratik islohotlar o'tkazishga undab keldi, ammo bu urinishlar natijasiz qoldi va bu kutish Andijonda minglab odamlarning qirg'in etilishi bilan yakunlandi. Karimov rejimi bunday rejimlarning islohi imkonsiz ekanini ko'rsatdi, ular faqat almashtirilishi kerak. Bunday rejimlar bilan diplomatik o'yinlar qilish yaxshilikka olib kelmaydi, bunday rejimlarni yarim-yorti jazolashdan foyda yo'q. Demokratik jamiyatlarda, agar qotillik sodir etilsa, bu qotillik yarim-yorti jazolanmaydi. Davlat miqyosidagi qotillarga nisbatan ham ayni huquqiy standartlar qo'llanilishi kerak.
Karimovning hokimiyat tepasida uzoq qolishiga yana bir sabab - davomli repressiya va terrordir. Qiynoqlar, qotilliklar, odamlarni o'g'irlab ketish, shantaj va har kuni muxolifatchi va o'zgacha fikrlovchilarning qamalishlari xalqning bir yumruq bo'lib, o'z elkasidan rejimni ag'darib tashlashiga to'siq bo'lib keldi. Boshqacha aytganda, xalqning psixologik holati muhim rol o'ynadi. Ammo bugun totalitar rejim yaratgan bu psixologik to'siqdan oshib o'tildi.
Mavjud rejimdan qutulish yo'li. O'tish davri
Mavjud rejimdan faqat Karimov hukumatini almashtirsh yo'li bilangina qutulish mumkin. Karimovning o'z ixtiyori bilan iste'foga chiqishiga ishonish qiyin. Xalqaro jamoatchilik Karimov tinch yo'l bilan hokimiyatdan voz kechishi uchun rejimga bosim o'tkazishi kerak. Bunday tadbirning zarurligiga qo'shni davlatlar, xususan, bugungi kunda Karimovning yagona umidi va tayanchiga aylangan Rusiyani ishontirsh lozim.
Karimovning diktatorlik rejimi Andijonda mitingga chiqqan tinch aholini otdi. Bu ishni Andijonda amalga oshirdi, ammo boshqa joyda bu qatliomni takrorlay olmaydi, chunki, armiya va Ichki Ishlar vazirligi qo'shini orasida bunday g'ayriinsoniy buyruqlarga bo'ysunmaslik kayfiyati pishib etildi. Bunday kayfiyat tobora kuchayib bormoqda.
Karimov hokimiyatdan ketganidan so'ng demokratik muxolifat ishtirokida uch oylik muddatga, to parlament saylovlarigacha amal kiladigan muvaqqat hukumat tuzilishi mumkin. Muhimi, mamlakatda hokimiyat vakuumi hosil bo'lishiga yo'l qo'ymaslik.
Bu maqola vikifikaziya qilinishi kerak. |
|
Iltimos, bu maqolani vikipediya qoida va yo'llanmalariga muvofiq bezang. |