Xiva Xonligi
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
1505 yil Shayboniyxon qo`shinlari Xorazmni egallab oladi. Lekin 1512 yilga kelib xonlik hokimiyati ko`chmanchi o`zbeklarning boshqa urug`i(shajarasi) rahbari Ilbarsxon qo`liga o`tadi. Shu vaqtdan boshlab Xiva xonligi yuzaga keladi, uning poytaxti turli yillarda Vazir, Qo`hna Urganch va Xiva shaharlari bo`lgan. Xonlik tarkibiga Xorazmdan tashqari Mang`ishloq, Balxan tog`lari, Dehiston, O`zboy(Uzboy) va O`rta Xuroson hududlari kirgan. Buxoro xonligi bilan O`rta Osiyoda hukmronlik huquqi yo`lidagi kurashda Xiva askarlari Qorako`l, Chorjo`y, Vardanzini xorabazorga aylantirdi va Karmanagacha yetib keldi. 1662 yil Xiva xoni Abulg`ozi navbatdagi jangdan so`ng Buxoro xoni Abulaziz bilan sulh tuzdi. Lekin uning o`g`li Anushaxon (1663-1687yy.) davrida Buxoroga hujumlar yana davom ettirildi. 1685 yil xivaliklar Samarqandni egallab olishga muvaffaq bo`lishdi. Lekin G`ijduvon yonida Anushaxon mag`lubiyatga uchradi va Samarqandni tashlab chiqishga majbur bo`ldi. Ko`p o`tmasdan Buxoro xoni Anushaxonga qarshi fitna uyushtirdi, unda Anushaning o`g`li Ernak(Ereng) ham ishtirok etdi. 1687 yil Anusha hibsga olinib, ko`zi ko`r qilindi. 1668 yil Buxoro xoni Subxonquli Xorazmni o`ziga bo`ysindirdi va uning hukmdori etib Shohniyozni tayinladi- keyinchalik u xonlik unvonini qabul qildi. Shohniyoz xonlik hokimiyatini mustahkamlash va Buxoroga tobelikdan xalos bo`lishga intildi. Shu maqsadda 1700 yil Buxorodan yashirin holda Petr I ga elchi jo`natib, qo`l ostidagi xalqi bilan o`zini Rossiya fuqaroligiga qabul qilishni so`radi. Xon Arab Muhammad (1702-1714yy.) ham Rossiya ko`magiga umid qilgan ko`rinadi. Sherg`ozixon (1715-1728yyy.) hukmronligi davrida feodal fitnalari davlatni bo`lak-bo`lakka ajratib tashlagan. 1717 yil Xiva xonligi Rossiya davlatining A.Bekovich-Cherkasskiy boshchiligidagi harbiy ekspedisiyasi hujumini bartaraf etishga muvaffaq bo`lgan. Sherg`ozidan so`ng xonlik taxtiga Ilbars (1728-1740yy.) o`tirdi. Eron shohining Afg`oniston va Hindistonga qilgan yurishidan foydalangan Ilbars Xurosonga hujum qildi. Ushbu voqea, shuningdek Xiva tomonidan Eron hukmronligining rad etilishi va Buxoroni harbiy jihatdan qo`llab quvvatlanishi Nodirshohni Xorazmga yurish qilishga undadi. Hazorasp yonida Ilbars mag`lub bo`ldi. To`rt kunlik qamaldan so`ng Nodirshoh poytaxtni zabt etdi. Xiva armiyasining katta qismi Nodirshoh qo`shinlari tarkibiga kiritildi. Xivada Nodirshoh vakili va Eron harbiy garnizoni qoldirildi. Lekin xonlikning shimoliy qismida Eron hukmronligi kuchga ega emas edi. Bu yerda orolliklar orasida 1730-1732 yillarda Rossiya fuqaroligini qabul qilgan Kichik qozoq ulusi xoni Abul Xayrning o`g`li Nuralining mavqei baland edi. 1741 yil xivaliklar Eronga qarshi bosh ko`tarishdi. Xiva qo`zg`olonchilar tomonidan ozod etildi hamda vakil va garnizon yo`q qilindi. Xonlik taxtini Nurali egalladi. Bu voqealardan xabar topgan Nodirshoh o`g`li Nurullomirzoga Xorazmga qarshi yurishni buyuradi. Nuralini taxtga ko`targan Xiva korchalonlari Marvga bo`yin egib borishadi. Ularning iltimosiga ko`ra Nodir Xiva xonligiga Ilbarsning o`g`li Abu Muhammadni tayinlaydi. 18 asrning 40-yillarida Xivada bir necha xon almashdi.
Bu maqola vikifikaziya qilinishi kerak. |
|
Iltimos, bu maqolani vikipediya qoida va yo'llanmalariga muvofiq bezang. |