Temuriylar davlati
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
[tahrir] 1405-1450
Amir Temur vafotidan so`ng besh yil mobaynida Movarounnahrda xonliklararo va sulolalar o`rtasida urishlar davom etgan. 1409 yili Temur o`g`li Shohruh (1376-1447) o`z ukasining o`g`li - Halilsultonni yengib, rasman yagona temuriylar davlatining hukmdoriga aylanadi. Ammo amalda esa bu imperiya ikki alohida davlatga ajralgan edi. Shohruh markazi Xirot bo`lgan Xurosonni boshqargan, poytaxti Samarqand bo`lgan Movarounnahr esa uning o`g`li Mirzo Ulug`bek (1394-1449) tasarrufiga o`tgan. Bu ikki davlat kichik feodal yerlari birlashmasidan tashkil topgan bo`lib, ular katta hokimiyatga da'vogar temuriylar tomonidan boshqarilgan. Eron hukmdori etib tayinlangan Shohruh nabirasi Sulton Muhammad mustaqil siyosat yurita boshlagani tufayli shaxsan Shohruh ko`psonli qo`shin yordami bilan mamlakatda tartib o`rnatishga majbur bo`ladi. U quyi Sirdaryodagi voqealar jarayonini diqqat bilan kuzatib turadi, zotan bu yurtdan turib dashti qipchoqlik o`zbeklar Xorazmga tez-tez hamla uyushtirishadi. 1419 yili u Barakni qo`llab-quvvatlab, uni ko`chmanchi o`zbeklar ulusi xoni bo`lishiga yordam beradi. Ulug`bek yordami bilan xon Shermuhammad uzoq nizolardan so`ng Mo`g`iliston taxtini egallaydi, biroq ko`p o`tmay Ulug`bek o`z noiblariga qarshi urushishga majbur bo`ladi. 1425 yili Ulug`bek mo`g`illarni tor-mor qiladi. 1427 yili Barak bilan munosabatlar yomonlashgach, u quyi Sirdaryoga yurish uyushtiradi, ammo natijada qaqshatqich mag`lubiyatga uchraydi. 1447 yili Shohruh o`limidan so`ng Ulug`bek Xirot va Xurosonni zabt etishga urinib ko`radi, biroq buning uddasidan chiqa olmaydi. 1448 yili u o`g`li Abdullatif bilan Xirotga yana yurish qiladi va bu safar shaharni ishg`ol etadi. Xurosonni zabt etishga xurosonlik amirlar isyoni hamda xon Abdulxayr boshchiligidagi ko`chmanchi o`zbeklarning Movarounnahrga bostirib kirishi monelik qiladi. 1449 yili Abdullatifning otasiga qarshi fitnasi Ulug`bekning o`limi bilan tugaydi va Abdullatif taxtga o`tiradi. Ammo zodagonlar va xalq tomonidan nafratlangan Abdullatif fitna natijasida 1450 yilning 8 mayidayoq o`ldiriladi. Hokimiyat temuriy Abdulla ihtiyoriga o`tadi va u Ulug`bek siyosatini tiklashga intiladi.
[tahrir] 1451-1507
Turk zodagonlari tomonidan qo`llab-quvvatlangan temuriy Abdullaga qarshi Xo`ja Ahror (1404-1490) boshchiligidagi naqshbandiy tariqati yordamiga suyangan Buxoro amirlari taxtga o`z nomzodlarini ilgari suradilar. Bu talabgor Amir Temur o`g`li Mironshoh nabirasi Abusaid (1451-1468) edi. Abusaid ko`chmanchi o`zbeklar xoni Abulxayrni ittifoq tuzishga ko`ndiradi. 1451 yili yozida Samarqand yaqinida hal qiluvchi jang bo`lib o`tadi. Bu jangda ko`chmanchi o`zbeklar g`olib chiqishadi, Abdulla qo`shini parokanda bo`ladi, uning o`zi esa o`ldiriladi. Abusaid Msamarqand va Movarounnahrda hokimiyatni egallaydi. Xo`ja Ahror uning yaqin maslahatchisi etib tayinlanadi. Abu Said Xurosonni ishg`ol eta olmaydi, zero Xirot taxtiga 1452 yildan to umrining oxirigacha, ya'ni 1457 yilga qadar Shohruh nabirasi Abulqosim Bobur egalik qilgan. Ikki hukmdor o`rtasidagi munosabatlar adovatli bo`lgan. 1457 yili Abusaid Hirot taxtini egallab oladi va vaqtinchalik ikki davlatni o`zaro birlashtirishga erishadi. 1468 yili Abusaid Eronni zabt etish uchun safarga otlanadi, biroq undan qaytib kelmaydi. Sulton Xusayin (1469-1506) fursatdan foydalanib Hirot hokimiyatini egallab oladi. Abusaid o`g`illari hokimiyat uchun kurashdan voz kechib Movarounnahrga jo`nab ketishadi. 15-asrning ikkinchi yarmida Movarounnahr siyosiy parokandalik davrini boshidan kechiradi. 1469 yildan 1494 yilgacha Samarqandda Abusaid o`g`li Sulton Ahmad (amalda hokimiyat Xo`ja Ahror va naqshbandiy tariqati tasarrufi ostida bo`lgan), Buxoroda - Sulton Alimirza, Farg`onada esa Zahiriddin Muhammad Bobur hukmdorlik qiladi. Aynan Bobur Shaybonixon boshchiligidagi ko`chmanchi o`zbeklarning bosqiniga astoydil qarshilik ko`rsatadi. 1497 yili Bobur boshqargan andijonliklar qo`shini Samarqandni ishg`ol etadi. 1501 yilning bahorida Bobur Shaybonixon bilan jang qilish uchun Samarqandni tark etadi, biroq Kuxak daryosi yaqinidagi jangda mag`lubiyatga uchraydi. Bobur Movarounnahrni tark etib Kobulga ketishga majbur bo`ladi. Shaybonixon Movarounnahr va Xurosonga jadallik bilan hujum boshlaydi. 1501-1506 yillar davomida u Samarqand, Toshkent, Kat va Buldumsoz, Urgench, Balxni bosib oladi. Keksayib kuchdan qolgan Sulton Xusayin Shaybonixonga jiddiy qarshilik ko`rsata olmaydi. Xorazm Shaybonixon tomonidan egallab olingandan so`nggina Sulton Xusayin yurish uyushtirishga qaror qiladi, ammo uning boshlanishida vafot etadi. Hirotda uning o`rniga ikki voris - o`g`illari Badi az-Zamin va Muzaffar Xusayin tayinlanadi. Ular o`rtasidagi ixtiloflar Hirotning tushkunlikka yuz tutishini tezlashtirdi. 1507 yili Shaybonion Hirotni ishg`ol etdi.
Bu maqola vikifikaziya qilinishi kerak. |
|
Iltimos, bu maqolani vikipediya qoida va yo'llanmalariga muvofiq bezang. |