Eftaliylar davlati
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Eftaliylar davlati parchalanib ketgan Kusxon davlati hududining bir qismida tashkil topgan. Aholisining asosiy qismi dehqonchilik bilan mashg`ul bo`lgan, qolgani esa ko`chmanchi chorvachilik hayot tarzini davom ettirgan. Eftaliylar to`g`risidagi dastlabki ma'lumotlar yozma manbalarda 457 yildan buyon, ya'ni ularning podshosi Vaxshunvar Chag`aniyon, Toxariston va Badaxsxonni o`ziga bo`ysindirganidan so`ng qayd etila boshlagan. Turli manbalarda Eron sosoniylar davlati bilan eftaliylar o`rtasidagi bo`lib o`tgan jangu jadallarning yorqin, biroq bir-biriga zid manzarasi tasvirlangan. Sosoniylar podshosi Peroz eftaliylar davlatining tobora kengayishidan xavfsirab, ularga qarshi harbiy harakatlar boshlab yuboradi, biroq asirga tushib qoladi. Sosoniylar podshosi yordam so`rab Vizantiyaga murojaat qiladi va ko`chmanchilar huruji bu davlat uchun ham tahdid ekanini uqtiradi. Vizantiya hukmdori tovon to`lab, Perozni tutqinlikdan xolos etadi. Peroz eftaliylarga Tolqon chegara shahrini topshirishni va'da qiladi, biroq o`z va'dasini ustidan chiqmay, ikkinchi marta harbiy yurish uyushtiradi. Peroz bu safar ham mag`lubiyatga uchraydi va eftaliylarga o`zining go`dak o`g`lini tutqun etib qoldiradi hamda ikki yil davomida katta tovon to`lab turadi. 484 yili Peroz o`zining uchinchi harbiy yurishini amalga oshiradi. Bu gal u o`z qo`shini bilan birga eftaliylar tayyorlagan maxsus bo`ri o`rasiga tushib qolib halok bo`ladi. Eftaliylar Peroz qo`shinini batamom tor-mor qilgach, Eron xalqi zimmasiga katta miqdorda o`lpon to`lash majburiyatini yuklatadilar hamda Marv shahrini ishg`ol etadilar. So`ngra ular Kobul vodiysi va Panjobni egallashadi, Qoroshor, Kuchu, Qashqar va Xotanni istilo qilishadi. Shu tariqa ular Markaziy Osiyo, sharqiy Eron, Hindistonning shimoliy qismi va Sharqiy Turkistonni o`z ichiga olgan yagona qudratli davlat barpo etadilar. O`z bolaligini eftaliylar qo`l ostida tutqunlikda o`tkazgan Peroz o`g`li Kavade zamonida Eron eftaliylarga o`lpon to`lashda davom etgan. Vizantiyalik tarixchi Prokopiyaning qayd etishicha, eftaliylar "yagona podsho tomonidan boshqarilgan va o`zaro hamda qo`shni davlatlar bilan bo`lgan munosabatlarda vizantiyaliklar va forslardan qolishmagan holda adolat mezoniga amal qilishgan". "Ipak yo`li" egalari bo`lgan eftaliylar xalqaro savdoda faol ishtirok etishgan. Ular Eron, Vizantiya, Hindiston va Xitoy bilan savdo-sotiq qilishgan. Eftaliylarning Peroz askarlariga qarshi urushiga oid epik rivoyatlar "Shohnoma" asarida keltirilgan. Asarning eftaliylar podshohi Gatferd haqidagi hikoyatida eftaliylarning turkiy xalqlarga qarshi kurashi aks etgan. Akademik V.Bartoldning taxmin qilishicha, Gatferd timsolida Vizantiya manbalarida keltirilgan tarixiy shaxs - Katulfni ko`rish mumkin. Katulf podsho tomonidan o`z xotiniga yetkazilgan haqorat uchun intiqom baxonasida Eronga qochgan va o`z mamlakatini turikiylarga sotgan. Eftaliylar ko`plab xalqlarni siyosiy jihatdan birlashtirishgan va bu hol mazkur davlat tarkibida ko`pgina diniy yo`nalishlar va mashablar mavjud bo`lganini izohlaydi. Zoroastrizm mahalliy mashablar - Anaita, Siyavusha, Mitra bilan o`zaro birlashib ketgan. Buddizm ham keng tarqalgan.
Bu maqola vikifikaziya qilinishi kerak. |
|
Iltimos, bu maqolani vikipediya qoida va yo'llanmalariga muvofiq bezang. |