Amir Temur davlati
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
14-asr o`rtalarida barlos beki o`g`li Temur Tarag`ay buyuk siyosiy arbob sifatida tarix sahnasida namoyon bo`ladi. Nufuzli turk amiri Qazag`on nabirasi - Samarqand hukmdori Xusayn bilan ittifoqchilikda Temur Movarounnahrni birlashtirish va uni mo`g`il bosqinidan ozod qilish uchun kurash boshlaydi. Biroq ko`p o`tmay ular o`rtasidagi munosabatlar keskinlashadi. 1370 yili Amir Temur Xusayn qo`shinini tor-mor qilgach, Movarounnahr amiri deb e'lon qilinadi. 1372-1388 yillar davomida Amir Temur Xorazmga besh marta yurish qiladi va uning o`ziga to`la tobe bo`lishiga erishadi. Shundan so`ng u Eron, Iroq, Kavkaz, Suriya, turkiyaga harbiy yurishlarni boshlaydi. Natijada ulkan imperiya barpo etiladi. Biroq Temur davlati qudratiga Juchi ulusi tarkibidagi Oltin o`rda va Oq o`rda doimo rahna solib turadi. 1379 yili Amir Temur To`xtamishning Oq o`rda taxtiga ko`tarilishiga yordam beradi. Biroq Mamay ustidan qozonilgan g`alabadan so`ng, To`xtamish Oltin o`rdadagi oliy hokimiyatni egallab oladi va Temur tasarrufidagi yerlarga hamla qila boshlaydi. Bunga javoban Amir Temur To`xtamishni 1391 yili Qunduzchi va 1395 yili Shimoliy Kavkazdagi Terek daryosi vodisida qaqshatqich mag`lubiyatga uchratadi. Natijada To`xtamish kuchlari shunchalar zaiflashdiki, Temur uchun Volgabo`yiga, Oltin o`rda poytaxti - Saroy Berkka to`g`ridan-to`g`ri yo`l ochiladi. Shahar ishg`ol etiladi. 1398-1399 yillarda mashhur hind yurishi amalga oshirilib, u yurtdan katta o`lja olib kelinadi. 1400 yili Amir Temur turk sultoni Boyazid I va misr sultoni Farajga qarshi urush boshlaydi. 1402 yili Anqara yaqinida usmon sultoni usil-kesil tor-mor qilinadi va bu hol Istanbulni usmonli turklar tomonidan istilo etilishini 50 yilga kechiktiradi. 1404 yil boshida Temur o`zining 200 ming lashkarlik qo`shini bilan Xitoyga yurishga hozirlik ko`radi. Biroq 1405 yilning 18 fevralida Temurning O`trorda vafot etishi tufayli bu yurish amalga oshmay qoldi. Amir Temur hukmronligi davrida ulkan imperiyaning markazi bo`lgan Movarounnahrda iqtisod, savdo va madaniyat yuksak darajada ravnaq etdi. Temuriylar uyg`onishi davri bo`lmish 14-15-asrni Markaziy Osiyo tarixidagi "oltin asr", deb ataladi. Bu asr jaxonga mashhur olimlar, buyuk shoirlar va rassomlarni tuhfa etdi. Isfaxoniy o`zining "Buxorolik mehmon kitobida" Samarqandda paxtachilikning rivojlanishi hamda paxta tolasi va shoyi matolarining ishlab chiqarilishi haqida bayon etgan. Temur dunyo savdogarlar tufayli obod bo`ladi, deb hisoblagan va binobarin yangi yo`llar, savdo inshootlarini bunyod etish uchun katta mablag`lar sarf etgan. Aynan Temur zamonida Yaqin va O`rta Sharq mamlakatlari, Yevropaning olis yurtlari - Ispaniya, Fransiya va Angliya bilan iqtisodiy va siyosiy munosabatlar kengaygan.
Bu maqola vikifikaziya qilinishi kerak. |
|
Iltimos, bu maqolani vikipediya qoida va yo'llanmalariga muvofiq bezang. |